Xitoy hukumati mamlakatda Gollivud filmlarini qo‘yish bo‘yicha o‘rnatgan cheklovlarni qisqartirmoqda, deya xabar beradi
"RosBiznesKonsalting” nashri "Reuters” agentligiga tayangan holda. AQSh
va Xitoy Xalq Respublikasi vitse-prezidentlari Jozef Bayden va Si
Szinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar samarasi o‘laroq Xitoyda
Amerika filmlarini suratga olish hamda ularni aholiga ko‘rsatish
bo‘yicha bir qancha cheklovlar olib tashlandi. [ ?]
Bunga o‘xshagan kelishuvlar Amerika kinostudiyalari va mustaqil
rejissorlar uchun Xitoyning ulkan kinobozoriga yo‘l ochib beradi.
Natijada qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratiladi. Prodyusserlar esa o‘z
kinomahsulotlarini Xitoyda ham namoyish qilish ortidan katta foyda
olishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, shu kungacha Xitoyda yiliga eng ko‘pi bilan 20 ta
xorijiy filmni namoyish qilishga ruxsat berilgan bo‘lib, bundan
tashqari, "praym-taym” vaqtida xorijiy seriallarni qo‘yish ham
ta’qiqlangan.
Amerika kinokompaniyalari assotsiatsiyasining (MPAA – Motion Picture
Association of America) ta’kidlashicha, yangi kelishuv natijasida Xitoy
bozoriga kirib keluvchi Amerika filmlarining soni 50 foizgacha ortadi.
Bundan tashqari, Xitoyga kirib keluvchi 3D va IMAX formatidagi
filmlarning ham soni o‘sishi kutilmoqda.
Xitoyning kinobozori dunyodagi eng istiqbolli va shu bilan birga eng
tez rivojlanayotgan bozorlardan biri sanaladi. 2003-yilda Xitoy
kinobozori atigi 150 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2011-yilga
kelib bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshib ketdi.
Shunday qilib, Amerikaning "DreamWorks Animation” kinostudiyasi
birinchilardan bo‘lib Shanxayda yangi filmlar suratga olish va ularni
Osiyo bozoriga chiqarish uchun katta studiya qurishga kirishmoqda.
|