Hozir
veb saytlar olamida eng ko'p narsa nima? To'ppa-to'g'ri, "pop-up" -
sakrab ochiluvchi oynalar hamda shunday saytlar orqali komputerga
ilashib qoluvchi trojan, spyware, keylogger va yana bir qancha
balo-badtar narsalar. Bulardan qanday qutilish mumkin? Eng yaxshi yo'li
shunday "chap" (левый) saytlarga kirmaslik :) Lekin bu oson uslub har
doim ham qo'l kelavermaydi. Chunki ba'zan "chap" saytlarga
- bilmasdan kirib qolasiz
- aldanib, boshqa saytga kirmoqchi bo'lib ? kirib qolasiz
- majburan, internetda nimadir izlayotib kirib qolasiz
- yoxud ataylab kirasiz :)
Xullas,
shaxsiy sabab va motivatsiyalaringiz nima bo'lishidan qat'iy nazar,
komputerni har xil parazitlardan himoya qilish hech qachon zarar
qilmaydi. Shunday himoya usullaridan biri parazit saytlarni hosts fayli
orqali block qilishdir.
hosts
fayli, C:\Windows o'rnatilgan drayv deb olinganda,
C:\Windows\system32\drivers\etc papkasida joylashgan (Windows
XP/Vista/7). Aslida shu faylni notepad yoxud har qanday oddiy
matn taxrirlovchi bilan ochib ichiga parazit saytlar ro'yxatini kiritib
chiqish mumkin. Ammo bu usul ham uzoq vaqt oladi, ham bizga ma'lum
bo'lmagan parazit saytlar ro'yxati juda uzun.
Shuning uchun keng internet jamoatchiligi tomonidan yig'ilgan tayyor HOSTS faylidan foydalanamiz. Avval
hosts.zip faylini saqlab olamiz, keyin esa o'zimiz yoqtirgan arxivlash
programmasi orqali biror jildga barcha fayllarni chiqaramiz. Arxivning
ichida 5 ta fayl bor (ba'zi komputerlarda .txt, .bat kabi fayl
kengaytmalari ko'rinmasligi mumkin):
- HOSTS
- License.txt
- mvps.bat
- PrivacyPolicy.txt
- readme.txt
Biz
qilishimiz kerak bo'lgan yagona ish mvps (mvps.bat) fayliga sichqoncha
bilan ikki marta bosishdir. Windows Vista hamda Windows 7
foydalanuvchilari diqqatiga: hosts fayli muvaffaqiyatli yangilanishi
uchun mvps (mvps.bat) fayliga sichqoncha o'ng tugmasi bilan bosib "Run
as Administrator…" menyusini tanlashlari lozim.
Shunda ko'k oyna ochilib, quyidagicha yozuv bilan tugallangan matn paydo bo'lishi kerak:
Previous version saved and renamed to HOSTS.MVP
Press any key to continue . . .
Tamom. Shu bilan olam guliston, internet olamida eng keng tarqalgan parazit saytlar blok qilingan bo'ladi :)
Albatta, bir-ikki oyda bir hosts.zip faylni yangidan saqlab olib, qaytadan yuklab turishni unutmang.