Finlandiyaning mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchi Nokia kompaniyasi 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tgan "Nokia World 2011”
konferensiyasida uzoq kutilgan hamda "Windows Phone 7.5 Mango” mobil
operatsion tizimi asosida ishlovchi ilk telefonlarini namoyish qildi.>
Shunday qilib, Nokia va Microsoft o‘rtasida 2010-yilda imzolangan
strategik alyans natijasi o‘laroq, Windows Phone bazasida ishlovchi
dastlabki ikki telefon – "Nokia Lumia 800” va "Nokia Lumia 710”
dunyoga keldi. Ulardan birinchisini kompaniya rahbari Stiven Elopning
shaxsan o‘zi tanishtirdi. Stiven Elopning so‘zlariga ko‘ra, bu –
birinchi haqiqiy Windows Phone telefonlaridir.
"Nokia Lumia 800” apparatining tashqi ko‘rinishi kompaniya tomonidan
shu yilning iyun oyida namoyish qilingan "Nokia N9” (MeeGo operatsion
tizimida ishlovchi birinchi va oxirgi smartfon) smartfoniga judayam
o‘xshab ketadi. Unga 1,4 Ggs chastotali bir yadroli protsessor (grafik
protsessor alohida), 16 gigabayt ichki xotira, 512 megabayt operativ
xotira, 8 megapiksellik orqa kamera, 3,7 dyumlik AMOLED-ekran
o‘rnatilgan. Apparat uch xil rangda – qora, ko‘k va pushti ranglarda
ishlab chiqariladi.
"Nokia Lumia 800” smartfoni

Foto: This is My Next
"Nokia Lumia 710” modeliga ham "katta akasiga” o‘xshab, 3,7 dyumlik
AMOLED-ekran, 1,4 Ggs chastotali bir yadroli protsessor (grafik
protsessor alohida), 512 megabayt operativ xotira o‘rnatilgan. Ammo
uning ichki xotirasi sal kichikroq – 8 gigabaytni tashkil qiladi.
Nokia, shu bilan birga, smartfon egalariga musiqalarni saqlash uchun
o‘zining "bulutli” serveridan 25 gigabayt joyni tekinga taqdim qilmoqda.
Bundan tashqari, Nokia yangi ekskluziv servisni ham taqdim qilgan
bo‘lib, undagi ichki o‘rnatilgan navigatsiya tizimi yordamida 95 ta
mamlakatdagi uch o‘lchamli binolar, yo‘llar xaritalarini tomosha qilish
mumkin. "Nokia Drive”, "Nokia Music” kabi servislar shular
jumlasidandir.
"Nokia Lumia 800” tez kunlarda Yevropaning olti mamlakati –
Germaniya, Gollandiya, Ispaniya, Italiya, Birlashgan Qirollik va
Fransiyada sotuvga chiqariladi hamda uning narxi 420 yevroni tashkil
qiladi. Joriy yil oxirigacha esa har ikkala model ham – "Nokia Lumia
800” va "Nokia Lumia 710” Rossiya, Tayvan, Hindiston, Gonkong va
Singapurda, 2012-yil boshlaridan esa yana bir qator mamlakatlarda paydo
bo‘ladi. "Nokia Lumia 710” modelining narxi 270 yevro qiymatida
belgilangan.
Microsoft bilan hamkorlik qilish Nokia uchun so‘nggi imkoniyat
ekanligini hamma tushunib yetgan edi. Nokia hozirda kunda-kunga
smartfonlar bozorida o‘zining ulushini yo‘qotib bormoqda. Windows Phone
bazasidagi smartfonlar Nokia kompaniyasini jar yoqasidan qutqarib qoladi
hamda Windows Phone telefonlari uchun keng yo‘l ochib beradi yoki har
ikkala kompaniya uchun ham qimmatga tushishi mumkin. Bundan eng katta
zararni, albatta, Nokia ko‘radi.
"Nokia Asha” oilasi

Foto: CNews.ru
Darvoqe, Nokia endi Windows Phone 7 bazasida smartfon ishlab chiqarishni boshlagan bo‘lsa-da, o‘zining eski qadrdoni – Symbian operatsion tizimidan voz kechishni haliyam xohlagani yo‘q. Kompaniya ushbu platforma asosida ishlovchi "Nokia Asha”
(hind tilidan tarjima qilinganda "Umid” degan ma’noni beradi) deb
nomlangan tejamkor smartfonlar seriyasini ishlab chiqarmoqda. "Nokia
World 2011” konferensiyasida kompaniya ushbu seriyaga oid 4 ta yangi
model – "Nokia Asha 200”, "Nokia Asha 201”, "Nokia Asha 300” va " Nokia
Asha 303” modellarini namoyish qildi. Apparatlar sensorli ekran hamda
QWERTY-klaviaturaga ega.
Manba: Infoman.uz
|